Harbiy-sport musobaqalarini g‘oliblari tantanali kutib olindi
2026-04-27 19:20:00 / Yangiliklar

Bu jarayonning amaliy ifodasi sifatida “Vatanparvarlar” xalqaro harbiy-sport musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasining erishgan yuqori natijasi alohida e’tiborga loyiqdir.
Avval xabar berganimizdek, “Vatanparvarlar” xalqaro harbiy-sport musobaqasida jami 7 ta davlat terma jamoalari ishtirok etib, jarayonlarda kuch, chidamlilik va harbiy-amaliy ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi. Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni egallab, xalqaro maydonda yurtimiz sha’nini munosib himoya qildi.
G‘oliblar safida Surxondaryo viloyati hamda Jizzax viloyatining yoshlari ham bor edi. Ular terma jamoa tarkibida faol ishtirok etib, umumiy g‘alabaga salmoqli hissa qo‘shdi. Bugun ular o‘zi tahsil olayotgan maktablarda tantanali ravishda kutib olindi. Tadbir davomida uning erishgan yutuqlari keng targ‘ib etilib, fidoyiligi, jasorati va vatanparvarlik ruhidagi harakatlari yoshlar uchun ibrat ekani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham shunga o‘xshash ruhdagi tadbir tashkil etildi. Unda mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan qoraqalpoqlik yoshlardan iborat “Lochin” jamoasi tantanali ravishda kutib olindi.
Unda ham iqtidorli va vatanparvar yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yoshlarimizning bunday nufuzli xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda erishayotgan yutuqlari yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning amaliy samarasidir. Ularning vatanparvarlik ruhi, jismoniy chiniqqanligi va mustahkam irodasi Yangi O‘zbekiston kelajagining ishonchli poydevori ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Shubhasiz, bunday yutuqlar yosh avlodni yanada ulug‘ marralar sari ruhlantiradi, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida ham ana shunday fidoyi va jasoratli yoshlarimiz safi kengayib, yurtimiz sha’nini xalqaro maydonlarda yanada yuksak darajada himoya qilishiga ishonch bildiriladi.







