Vatanga qasamyod: dildagi tuygʻular tillarda ham ifodalandi
2026-04-26 15:10:00 / Yangiliklar
Mamlakatimiz tinchligi, farovonligini taʼminlashni maqsad qilib, harbiy xizmatni oʻtashga bel bogʻlagan yoshlar yigitlik ontini ichish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qoʻshinlar institutida saf tortdi. Bundan maqsad – ona yurtga boʻlgan dildagi sadoqatini tillarida izhor etib, qasamyod etishdir.

Oʻzgacha shukuhda boʻlib oʻtgan tadbirda Mudofaa vazirligi rahbayati, istefodagi generallar va ofitserlar, nuroniylar hamda harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Unda askarlar Vatan oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlab, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda qasamyod qildi.
Respublikamizning turli hududlaridan farzandlarini qutlash uchun kelgan ota-onalarning bu kundagi quvonchi esa soʻzlarida ifodalandi.
Shundan so‘ng Mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Zoirjon Bozorboyev Vatanga qasamyod qilayotgan yoshlarni ushbu kun bilan qutlab, yigʻilganlarga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirini tabrik soʻzlarini oʻqib eshittirdi.
Asosiy tadbirdan soʻng harbiy xizmatchilar tomonidan koʻrgazmali qoʻl jangi va jangovar chiqishlar, konsert dasturlari namoyish etildi.









