Qahramon xotirasi – yoshlar qalbida yashaydi
2026-04-26 08:30:00 / Yangiliklar

Mashrab Joʻrayev 2000–2001-yillarda Sariosiyo tumani hududida yuz bergan qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etib, Vatan himoyasi yoʻlida qahramonlarcha mardlarcha halok boʻlgan. Uning jasorati, matonati va yurtga boʻlgan sadoqati bugungi kunda ham yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.
Tadbir dastlab qahramon tahsil olgan umumtaʼlim maktabi hududida oʻrnatilgan byust poyiga gulchambar qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Unda harbiy xizmatchilar, ustoz-murabbiylar, oʻquvchi yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Marosim davomida qatnashchilar marhum xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning jasorati va hayot yoʻli haqida fikr bildirishdi.
Ayniqsa, ustozlar tomonidan Mashrab Joʻrayevning maktab davridagi intizomi, faolligi, Vatanga muhabbati va har doim yurt xizmatiga tayyor boʻlgan jasur yigit sifatida yodga olingani tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Shundan soʻng Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayraobod garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Boysun tumani “Jasorat maktabi” hamda “Vatan tayanchi” harakati otryadiga a’zo bo‘lgan oʻquvchi yoshlar qahramonning tugʻilib oʻsgan xonadonida bo‘lishdi. U yerda marhumning ota-onasi holidan xabar olinib, ularga ehtirom va minnatdorlik izhor etildi.
Suhbat davomida farzand tarbiyasi, Vatanga muhabbat va fidoyilik haqida samimiy fikrlar bildirildi. Yoshlar qahramon oilasi bilan muloqot qilib, uning hayot yoʻli va jasorati haqida yanada koʻproq maʼlumotlarga ega boʻldi.



