Yettilik tizimi harbiylar hayotida muhim o‘rin egallamoqda
2026-04-25 11:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tizim Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli, Boʻstonliq tumani hududida joylashgan harbiy qismda samarali tashkil etilib, harbiy xizmatchilarning ishonchli koʻmakchisiga aylanmoqda.
Tizim doirasida harbiy qismda xizmatni tashkil etishning yangicha mexanizmlari joriy etilib, “yettilik” aʼzolari tomonidan harbiy xizmatchilar bilan yakka tartibda va manzilli ishlar olib borilmoqda. Har kun boshida ustuvor vazifalar belgilanib, oʻzaro hamkorlik asosida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ishlab chiqiladi.
Qisqa vaqt ichida tizim doirasida barcha harbiy xizmatchilar bilan individual ishlanib, ularning ijtimoiy, oilaviy va maishiy sharoitlari oʻrganildi. Soʻrovnomalar oʻtkazilib, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan mashgʻulotlar tashkil etildi, sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi. Natijada qator ijobiy natijalarga erishildi.
Xususan, 3-darajali serjant Doniyor Raximovning oilaviy holati oʻrganilib, uning turmush oʻrtogʻi murojaati asosida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishga joylashtirildi. Shuningdek, ularning farzandi maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirildi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchi mayor Olim Pardayevning farzandi yoʻl-transport hodisasi oqibatida ogʻir tan jarohati olgani sababli, unga qoʻmondonlik tomonidan begʻaraz moddiy yordam koʻrsatilib, zarur jarrohlik amaliyoti uchun mablagʻ ajratildi.
Albatta, “Harbiy qism yettiligi” tizimi faqat ichki faoliyat bilan cheklanib qolmay, davlat idoralari va tashkilotlar, shuningdek harbiy xizmatchilar istiqomat qiladigan mahallalardagi “yettilik” tizimi bilan ham samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Ushbu hamkorlik doirasida muntazam ravishda turli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Kun yakunida “yettilik” rahbari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan qisqa tahliliy yigʻilishlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.
Xulosa qilib aytganda, joriy etilgan mazkur tizim harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini oʻrganish va tezkor yechim topishda harbiy qism qoʻmondonligi bilan samarali hamkorlik mexanizmi sifatida oʻzini oqlamoqda.






