Shoir xotirasi — xalq qalbida abadiy yongan chiroq
2026-04-24 16:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Yozuvchilar uyushmasi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida ma’naviy ahamiyatga ega tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, ijod ahli — shoir va yozuvchilar, shuningdek, bilimga chanqoq o‘quvchi yoshlar ishtirok etib, adabiyot va ma’naviyat uyg‘unligining yorqin namunasini namoyon etdi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo, shoira Ma’mura Zohidova hamda bir guruh harbiy xizmatchilar so‘zga chiqib, Muhammad Yusuf ijodining serqirra va betakror xususiyatlariga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, shoir she’riyatining jozibasi uning nihoyatda sodda, samimiy va xalq qalbiga yaqin ifoda uslubida mujassam bo‘lib, bu xususiyat uni o‘zbek adabiyotining eng sevimli ijodkorlaridan biriga aylantirgan.
Shuningdek, chiqishlarda Muhammad Yusuf asarlarida Vatanga muhabbat, ona yurtga fidoyilik, ota-onaga hurmat, sadoqat va insoniy fazilatlar yuksak badiiy ifoda bilan mujassam etilgani, uning she’rlari esa xalq ruhiyatining nozik qatlamlarini yorqin aks ettirishi alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar farzandlari tomonidan shoirning eng mashhur she’rlari ifodali va ta’sirchan tarzda o‘qildi. Yoshlarning samimiy chiqishlari tadbirga o‘ziga xos iliqlik va ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Shuningdek, “Impuls” ansambli xonandalari tomonidan Muhammad Yusuf she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlarning jonli ijrosi tadbir ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi. Kuy va so‘z uyg‘unligi barchaga yuksak estetik zavq bag‘ishlab, shoir ijodining abadiy qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Yakunda ishtirokchilar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyiga sayohat uyishtirib, o‘zbek adabiyotining boy tarixiga oid nodir eksponatlar, qo‘lyozmalar va ijodiy meros namunalari bilan yaqindan tanishdi.






