Ikkinchi jahon urushi: yangi tadqiqotlar va tarixiy maʼlumotlar
2026-04-24 12:00:00 / Yangiliklar

Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qoʻshinlar instituti hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya avvalida ishtirokchilar tomonidan majmua hududidagi “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qoʻyildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi va aʼzolari, Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi rahbariyati, Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, tarixchi olimlar, Italiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi hamda italiyalik bir guruh mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilishida dastlab mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari boʻyicha oʻrinbosari barcha konferensiya ishtirokchilariga ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirishda qoʻshib kelayotgan beminnat hissalari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda yurtimizda Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat koʻrsatgan, gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan, fidokorona mehnatlari bilan front ortida chinakkam insoniylik fazilatlarini namoyon etgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish boʻyicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida ertamiz egalarini ona Vatanga sadoqat ruhida voyaga yetishlarida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida sho‘balarda davom etgan muhokamalarda soha mutaxassislari, tarixchi olimlar oʻz ilmiy ishlari va maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, Ikkinchi jahon urushida milliy harbiy tuzilmalar, oʻzbekistonlik jangchilarning maʼnaviy-ruhiy qiyofasi, Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy sanʼat takomillashuvi jarayonlari va yakuniga taʼsiri, urushning dastlabki yillarida Oʻzbekiston xalqining mehnat jasorati, gʻalabaning iqtisodiy poydevorini yaratish omillari, tarixiy manbalarda aks ettirilgan oʻzbek partizan jangchilarining qahramonliklari (Belarus Respublikasi muzeylari va arxiv materiallari asosida) kabi koʻplab mavzulardagi maʼruzalarda yangi maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Italiyada nashr qilingan “Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi” kitob-albomining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Belarus Respublikasi Milliy arxivi direktori oʻrinbosarining “Urush yillarida Belarus hududidagi partizanlik harakatida oʻzbekistonliklarning ishtirokiga oid hujjatlar” hamda “Jasorat va xotira” xalqaro tadqiqot guruhi direktori, Oʻzbekiston Milliy universiteti tadqiqotchisining “Oʻzbekistonga evakuatsiya jarayonida inson omili va Fargʻona vodiysi yahudiylari (1941-1945 yy.)” mavzularidagi videomurojaatlar namoyish etildi.
Konferensiya soʻngida faol ishtirokchilarga sertifikatlar, xorijlik mehmonlarga esdalik sovgʻalar hamda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga 5 yil” esdalik yubiley medallari tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









