“Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi
2026-04-24 13:50:00 / Yangiliklar

Unda viloyatdagi “Jasorat maktablari” o‘quvchilaridan iborat jamoalar ishtirok etib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Har bir jamoa g‘alaba sari qat’iyat bilan intilib, o‘zining bilim, mahorat va tayyorgarligini namoyon etdi.
Musobaqaning saf tayyorgarligi bosqichida ishtirokchilar yuksak intizom, jipslik va uyg‘un harakatlar orqali tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Tibbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar yo‘nalishida esa yoshlar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish, birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, robototexnika va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlari musobaqaga zamonaviy ruh bag‘ishladi. Ishtirokchilar bu bosqichlarda innovatsion fikrlash, texnologik bilimlar hamda huquqiy madaniyat borasidagi tayyorgarlik darajalarini namoyish etdi.
Milliy sport o‘yinlari esa musobaqaning eng jonli va zavqli qismlaridan biri bo‘lib, unda ishtirokchilarning chaqqonligi, epchilligi va jismoniy tayyorgarligi yorqin namoyon bo‘ldi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.
Yakunda Xonqa tumani jamoasi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi hamda musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tuproqqala tumani jamoasi munosib tarzda 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Urganch shahar jamoasi 3-o‘rinni egallab, sovrindorlar safidan joy oldi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.






