Jasorat, bilim va kuch birlashgan maydon
2026-04-23 18:35:00 / Yangiliklar

Musobaqada viloyatdagi “Jasorat maktablari”ning o‘quvchilaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi.
Jarayonlarda har bir jamoa o‘zining puxta tayyorgarligi, jipsligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan ajralib turdi. Ayniqsa, saf tayyorgarligi sharti davomida o‘quvchilar harbiy intizom, jamoaviy uyg‘unlik va aniq harakatlarni mukammal darajada namoyish etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tibbiy tayyorgarlik yo‘nalishi esa bellashuvning eng mas’uliyatli va hayotiy ahamiyatga ega bosqichlaridan biri bo‘ldi. Unda ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarda tezkor fikrlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, robototexnika va huquqiy savodxonlik bo‘yicha o‘tkazilgan shartlar zamonaviy bilim va innovatsion fikrlash yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Ishtirokchilarning texnologiyalarga qiziqishi, huquqiy bilimlarga bo‘lgan e’tibori kelajakda yetuk va har tomonlama rivojlangan avlod shakllanayotganidan dalolat berdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, barcha yo‘nalishlarda barqaror va yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan Quva tumani jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Farg‘ona shahar jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Oltariq tumani jamoasi egalladi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





