Angrenda “Rahbarlar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi
2026-04-23 18:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan loyiha tashabbuslari taqdim etilib, ularning ijodiy va innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kitob mutolaasini keng targ‘ib etish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish hamda bilimga bo‘lgan qiziqishni oshirish masalalari kun tartibining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Tadbirda yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, kasb-hunar egallashi hamda xorijiy tillarni o‘rganish orqali bandligini ta’minlash kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ochiq va samimiy muloqotlar tashkil etildi. Unda yoshlar tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularni real iqtisodiy loyihalar bilan bog‘lash va amaliy natijaga yo‘naltirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Bandlikni ta’minlash maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda Angren erkin iqtisodiy zonasi doirasidagi yirik sanoat korxonalari hamda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati vakillari ishtirok etib, yuzdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini yoshlar e’tiboriga havola qildi.
Yakunida faol ishtiroki, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligi bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar munosib ravishda rag‘batlantirilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.






