Xotira — muqaddas, ehtirom — abadiy
2026-04-23 18:00:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qilayotgan, asrni qarshi olgan tabarruk faxriy Akmal Akromov holidan xabar olindi. Ushbu samimiy uchrashuv Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, “O‘zbekiston xalq shoiri” va “Jadid” gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzaaliyev boshchiligida tashkil etilib, unda ijodkor yoshlar, harbiy xizmatchilar hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Uchrashuv davomida faxriy tomonidan aytilgan urush yillariga oid xotiralar, mashaqqatli sinovlar va matonatli kurashlar haqidagi hikoyalar tinglovchilarda chuqur hayajon va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek xalqining front ortida ham, jang maydonlarida ham ko‘rsatgan fidoyiligi, sabr-bardoshi va g‘alabaga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida bildirilgan fikrlar yoshlarda tarixga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamladi.
Samimiy muloqot jarayonida bugungi dorilomon hayotning qadriga yetish, mustaqillikni asrab-avaylash, yurt tinchligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish kabi masalalar alohida urg‘u bilan ta’kidlandi. Faxriyning hayotiy tajribasi, qat’iyati va Vatanga sadoqati yoshlar uchun ibrat maktabiga aylandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





