“Turon yoʻlbarslari” harbiy-sport musobaqasi qizg‘in pallaga kirdi
2026-04-23 17:40:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqa yoshlar oʻrtasida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanini yanada takomillashtirish, oʻquvchilarning harbiy xizmatga oid nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, shuningdek, ularni milliy gʻoya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Shu bilan birga, yoshlar ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanligini chuqur singdirish musobaqaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Musobaqaning ochilish marosimi koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Tadbir davomida qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etilib, ishtirokchilarga yuqori kayfiyat bagʻishlandi. Soʻzga chiqqan mutasaddilar va mehmonlar barcha jamoalarga omad va zafarlar tiladi.
Musobaqaning ilk kunidayoq ishtirokchilar oʻz mahoratlarini turli shartlar orqali sinovdan oʻtkazdi. Jumladan, AK-74 oʻquv qurolini qismlarga ajratish va yigʻish, mohir merganlik, kamondan oʻq otish, 20 metr masofaga arqon orqali harakatlanish, umumqoʻshin himoya vositalarini belgilangan vaqtda kiyish, turnikda tortilish hamda birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda bellashuvlar boʻlib oʻtdi.
Har bir shart oʻquvchilarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, aniqligi va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini sinovdan oʻtkazmoqda. Ishtirokchilar oʻrtasidagi raqobat esa tobora qizgʻin tus olib, musobaqaga alohida shukuh bagʻishlamoqda.
Ayni damda “Turon yoʻlbarslari” harbiy-sport musobaqasi yuqori ruh va keskin bellashuvlar ostida davom etmoqda. Yakunda eng kuchli va tayyorgarligi yuqori jamoalar aniqlanib, munosib taqdirlanadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









