Sayyor qabul ijtimoiy himoyaning kaliti
2026-04-23 12:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan mutasaddilar tomonidan mamlakatimizda harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning fidokorona xizmatiga bildirilayotgan yuksak hurmatning amaliy ifodasi sifatida bunday uchrashuvlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, harbiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yaratilayotgan sharoitlar tobora yaxshilanib borayotgani qayd etildi.
Sayyor qabul davomida harbiy xizmatchilar tomonidan ijtimoiy himoya, uy-joy bilan ta’minlash, xizmat o‘tash sharoitlarini yaxshilash, bandlik masalalari hamda xizmatdan keyingi faoliyatni yo‘lga qo‘yishga oid murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi va ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida harbiy xizmatchilar oila a’zolarining farovonligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Bu yo‘nalishda tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Yakunda ilgari surilgan takliflar asosida kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati








