“Vatanparvarlar” musobaqasida hal qiluvchi bahslar bo‘lib o‘tmoqda
2026-04-22 19:50:00 / Yangiliklar

Merganlar bahsida har bir jamoadan ikki nafardan ishtirokchi qatnashib, TOZ-8 miltigʻidan 50 metr masofadagi nishonga 10 tadan oʻq uzdilar. Belgilangan 8 daqiqa vaqt ichida bajarilgan ushbu shart ishtirokchilardan aniqlik, diqqat va puxta tayyorgarlikni talab etdi.
Harbiylashtirilgan estafeta bahslarida esa jamoaning 6 nafar aʼzosi oʻzaro hamjihatlikda harakat qildi. Ishtirokchilar AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va qayta yigʻish, gaz niqobini tezkor kiyish, zambilda “bemor”ni olib yugurish hamda pichoq uloqtirish kabi murakkab vazifalarni bajarishdi. Mazkur shartda barcha topshiriqlarni eng qisqa vaqt ichida va aniq bajargan jamoa ustunlikka ega boʻldi.
“Mardlar estafetasi” bahsi esa oʻzining murakkabligi va serqirraligi bilan ajralib turdi. Unda toʻrt nafar ishtirokchi bosqichma-bosqich 800 metr masofaga yugurib, turli harbiy-amaliy vazifalarni bajarishdi. Jumladan, pnevmatik miltiqdan nishonga otish, oʻquv granatasini uloqtirish hamda turli holatlarda aniq zarba berish sinovlari bajarildi. Har bir xato uchun jarima ballari belgilanishi bahsning yanada keskin oʻtishiga sabab boʻldi.
Mazkur bosqich bahslari ishtirokchilarning jismoniy chidamliligi, tezkor fikrlashi, aniqligi va jamoaviy hamkorligini yana bir bor namoyon etdi. Musobaqaning bu kabi shiddatli sinovlari yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, ularning harbiy-sport mahoratini oshirish hamda xalqaro doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









