Harbiy oilalar — ma’naviyat qal’asi
2026-04-21 11:45:00 / Yangiliklar

Tanlovda okrug tasarrufidagi harbiy qismlardan saralab olingan eng faol, ahil va namunali oilalar ishtirok etib, o‘zlarining ibratli turmush tarzi, mustahkam qadriyatlari hamda o‘zaro mehr-oqibatga asoslangan hayot falsafasini sahna orqali yorqin va ta’sirchan tarzda namoyon etdi. Har bir oila chiqishlarida milliy an’analarimizga sadoqat, oilaviy muhitdagi uyg‘unlik va ma’naviy yetuklikni chuqur ifoda etishga intildi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchi oilalar “Oilam – mening baxtim”,“Darts”, “She’riyat gulshani”, “Oilam – mening faxrim”, San’atim – saodatim” kab shartlar doirasida oilalar o‘z tarixini, qadriyatlarini va o‘ziga xos jihatlarini badiiy ifoda vositalari orqali namoyish etdi.
Tanlov jarayonida har bir chiqish hakamlar hay’ati tomonidan xolislik va adolat tamoyillari asosida sinchkovlik bilan baholab borildi. Ishtirokchilarning sahnadagi erkinligi, o‘zaro uyg‘unligi, ma’naviy salohiyati hamda ijodiy yondashuvi alohida mezon sifatida e’tiborga olindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rin Farg‘ona garnizonidan ishtirok etgan Xudoyberdiyevlar oilasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Namangan garnizonidan Jo‘rayevlar oilasi qo‘lga kiritdi. Tanlovning mutlaq g‘olibi sifatida Andijon garnizonidan Nishonovlar oilasi e’tirof etilib, ular o‘zlarining yuksak tayyorgarligi, jipsligi va ijodiy yondashuvi bilan alohida ajralib turdi.
G‘olib oila endilikda tanlovning keyingi – Mudofaa vazirligi bosqichida Sharqiy harbiy okrug sha’nini munosib himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








