Yuraklarda Vatan, nigohlarda kelajak
2026-04-20 14:20:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi, harbiy prokuratura, harbiy sud hamda Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar Markaziy harbiy okrug muzeyida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil topish tarixi, uning rivojlanish bosqichlari hamda bugungi kundagi harbiy salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Muzeyda namoyish etilgan noyob eksponatlar, tarixiy hujjatlar va zamonaviy harbiy texnikalar yoshlarda milliy armiyamizga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Ayniqsa, yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli harbiy islohotlar, ularning natijalari hamda mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida berilgan batafsil ma’lumotlar yoshlarning bilim doirasini sezilarli darajada kengaytirdi.
Tadbirning mantiqiy davomi sifatida Serjantlar tayyorlash oliy maktabining Amir Temur nomidagi tematik sinfida davra suhbati tashkil etildi. Unda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning yuksak sarkardalik mahorati, dono davlat boshqaruvi, strategik tafakkuri hamda jahon tarixidagi beqiyos o‘rni keng yoritildi.
Mutaxassislar tomonidan keltirilgan tarixiy dalillar va tahlillar asosida yoshlar ajdodlarimizning boy merosi, harbiy san’atdagi ulkan yutuqlari hamda yuksak vatanparvarlik fazilatlari haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘ldi.
Shuningdek, tadbir davomida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotlar o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi, qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.




