Harbiy oilalar o‘rtasida ibrat va mahorat bellashuvi
2026-04-18 11:15:00 / Yangiliklar

Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar oilalarida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oila muqaddasligini ulug‘lash hamda namunali harbiy oilalarni keng jamoatchilikka targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tanlov bir necha shartlar asosida tashkil etildi. Jumladan, “Oilam — mening baxtim” sharti doirasida ishtirokchilar san’atning turli yo‘nalishlari orqali o‘z oilalarining ahilligi, mehr-oqibati va ibratli jihatlarini namoyon etdilar. Ushbu chiqishlar tomoshabinlar va hakamlar hay’atida katta taassurot qoldirdi.
“Darts” sharti esa oila farzandlari o‘rtasida o‘tkazilib, unda ikki nafar ishtirokchi 3 metr masofadan uch martadan nishonga nayza uloqtirish orqali o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bu jarayon tanlovga sport ruhini olib kirib, ishtirokchilarning chaqqonligi va aniqligini namoyon etdi.
“She’riyat gulshani” shartida esa oila bekalari o‘zlarining badiiy didi va nutq mahoratini ko‘rsatib, she’riy misralarni ifodali tarzda ijro etdilar. Ushbu bosqich tanlovga o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy rang bag‘ishladi.
“Oilam — mening faxrim” sharti davomida ishtirokchilar hakamlar tomonidan berilgan turli topshiriqlarni milliy liboslarda, yuksak did va mahorat bilan bajardilar. Bu orqali ular nafaqat o‘z oilaviy qadriyatlarini, balki milliy an’analarga bo‘lgan hurmatlarini ham yorqin ifoda etdilar.
Tanlovning yakuniy — “San’atim — saodatim” shartida esa oila a’zolari xizmat olib borilayotgan hududga xos milliy raqslarni ijro etib, sahnaga bayramona kayfiyat olib chiqishdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng faol va ibratli oilalar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom hamda Mudofaa vazirligi bosqichiga yo‘llanmalar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirilib, ularning sa’y-harakatlari munosib e’tirof etildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov harbiy xizmatchilar oilalarining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati







