Harbiy xizmat — yoshlar nigohida
2026-04-18 10:30:00 / Yangiliklar

Kun tartibiga ko‘ra dastlab Markaziy harbiy okrug miqyosida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Suhbat davomida harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, uning jamiyat hayotidagi o‘rni, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdagi beqiyos ahamiyati, shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda harbiy ta’lim tizimi izchil rivojlanib, zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirilmoqda. Bu esa yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni har tomonlama yetuk va malakali kadrlar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan atroflicha va asosli javoblar oldi.
Shundan so‘ng tadbir “Ochiq eshiklar kuni” shaklida davom ettirildi. Uning doirasida o‘quvchi -yoshlar harbiy qism hududi, unda yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat va yashash infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Jumladan, tarixiy o‘quv binosi, zamonaviy jihozlangan kutubxona, harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan yotoqxona va xizmat o‘tash joylari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, jangovar va jismoniy tayyorgarlik jarayonlari, ichki tartib-qoidalar hamda intizom talablariga oid amaliy ko‘rgazmalar namoyish etildi. Mazkur jarayonlar yoshlarning harbiy xizmat haqidagi tasavvurlarini boyitib, ushbu kasbning naqadar sharafli va mas’uliyatli ekanini chuqur anglashlariga xizmat qildi.
Tadbir davomida yoshlar harbiy xizmat nafaqat jismoniy chiniqish, balki yuksak ma’naviyat, mustahkam iroda, qat’iyat va Vatanga cheksiz sadoqatni talab etishini chuqur his etdi. Yaratilgan ochiq va samimiy muhit esa ularning fikr va mulohazalarini erkin ifoda etishiga, harbiy soha haqida aniq va to‘liq tasavvurga ega bo‘lishiga imkon berdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






