Malaka oshirish kursi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi
2026-04-18 10:25:00 / Yangiliklar

Marosimda oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi, soha faxriylari, bitiruvchi kursantlar hamda ularning oila a’zolari va yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda harbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, serjant kadrlarini tayyorlash jarayoniga ilg‘or yondashuvlar joriy etilayotgani, o‘quv jarayonining zamon talablari asosida takomillashtirilgani haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, serjantlar Qurolli Kuchlarning tayanch bo‘g‘ini hisoblanib, ularning kasbiy salohiyati, liderlik qobiliyati va harbiy intizomi qo‘shinlar jangovar shayligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur oliy maktabda tashkil etilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy harbiy boshqaruv usullarini puxta egallashga qaratilgani alohida e’tirof etildi.
So‘zga chiqqanlar Vatan himoyasini sharafli burch deb bilgan, harbiy qasamyodiga sodiq qolayotgan serjantlarning fidoyiligi va matonatini yuksak baholab, ularga kelgusidagi xizmat faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, bitiruvchilarning mamlakatimiz tinchligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lida munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalaridan biri – bitiruvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘ldi. Malaka oshirish kursini a’lo natijalar bilan tamomlagan kursantlarga hujjatlar tantanali ravishda topshirildi. Namunali intizomi, yuqori mas’uliyati va o‘qishdagi yutuqlari bilan ajralib turgan harbiy xizmatchilar esa Serjantlar tayyorlash oliy maktabi boshlig‘ining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda harbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar o‘zining amaliy natijalarini berayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, bitiruvchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari ularning kelgusidagi xizmat faoliyatida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti matbuot xizmati








