Ibratli harbiy oila — kelajak avlod uchun mustahkam tayanch
2026-04-17 17:25:00 / Yangiliklar

Samimiy va do‘stona raqobat ruhida kechgan tanlovda ishtirokchi harbiy oilalar bir qator shartlar asosida o‘z mahorat va salohiyatlarini namoyon etdi. Jumladan, “Oilam — mening baxtim” sharti doirasida oilaviy qadriyatlar, o‘zaro mehr va sadoqat ifodalangan chiqishlar taqdim etildi. “She’riyat gulshani” va “San’atim — saodatim” yo‘nalishlarida esa ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy qobiliyatlari, badiiy didi va sahna madaniyatini namoyish etdi. Shuningdek, “Darts” hamda “Oilam — mening faxrim” shartlari orqali jamoaviylik, chaqqonlik va oila a’zolari o‘rtasidagi uyg‘unlik yaqqol ko‘zga tashlandi.
Ishtirokchilar sahna orqali mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, sadoqat hamda farzandlar tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborni yorqin ifoda etib, chin ma’noda ibratli oila namunasi ekanliklarini namoyon etdi. Tanlov jarayonida har bir chiqish mazmunan boy, badiiy jihatdan mukammal va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgani bilan ajralib turdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar hakamlar hay’ati oldiga eng munosib g‘olibni aniqlashda mas’uliyatli vazifa qo‘ydi.
Adolatli va shaffof baholash mezonlari asosida ikki nafar farzandning ota-onasi bo‘lgan kichik serjant Navro‘z Muhammedov va Zarina Qo‘ziyeva oilasi eng yuqori natijalarni qayd etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu oila tanlovning keyingi — Mudofaa vazirligi bosqichida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi sharafini himoya qiladi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar qo‘mondonlikning faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









