Har bir yosh — davlat himoyasida
2026-04-17 14:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir qo‘mondonlik mutasaddilari, tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar organlari rahbariyati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, tumanda istiqomat qiluvchi probatsiya ro‘yxatida turadigan yoshlar, shuningdek, alohida e’tibor va yondashuvni talab etadigan yoshlar ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim va kasb-hunar egallash sharoitlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida uchrab turayotgan ayrim salbiy holatlar, ularning kelib chiqish sabablari hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida atroflicha fikr yuritildi. Mutasaddilar yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlab, amaliy yordam ko‘rsatish muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbir samimiy muloqot tarzida kechib, unda voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarning qiziqishlari, orzu-intilishlari hamda kelajak rejalari tinglandi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan aniq va asosli javoblar oldi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning qiziqish va takliflaridan kelib chiqib, ularni ta’lim va sport to‘garaklariga jalb etish, kasb-hunar o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mas’ul tashkilotlar tomonidan bu borada hamkorlikda tizimli ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






