Yoshlar mardlik va intizom maktabiga sayohat qildi
2026-04-17 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida mehmonlar harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, yashash va xizmat o‘tash sharoitlari bilan yaqindan tanishtirildi. Harbiy qism hududida yaratilgan zamonaviy infratuzilma, jumladan, yotoqxona, ovqatlanish, sport va ma’naviy-ma’rifiy maskanlar ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar ushbu texnik vositalarning imkoniyatlari, ularning qo‘llanilishi haqida mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil ma’lumotlar orqali muhim bilimlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotlar tadbirning muhim va samarali qismidan biri bo‘ldi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita va batafsil javob olib, harbiy kasbning sharafli, ayni paytda mas’uliyatli va mashaqqatli jihatlari haqida chuqurroq tushunchaga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida saf ko‘riklari, ko‘rgazmali chiqishlar hamda harbiylarning amaliy harakatlari namoyish etildi. Harbiy xizmatchilarning intizomi, jipsligi, tezkorligi va yuqori darajadagi tayyorgarligi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







