Mardlik maktabiga sayohat
2026-04-17 13:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda milliy armiyamiz yoshlar nigohida mardlik, jasorat va fidoyilik timsoli, haqiqiy vatanparvarlik maktabi sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur tadbir ham aynan yosh avlod qalbida ana shunday yuksak fazilatlarni mustahkamlash, ularni harbiy xizmatning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratildi.
“Milliy armiyamiz — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir doirasida ishtirokchilar uchun mazmunli va boy dastur ishlab chiqildi. Jumladan, o‘quvchi-yoshlar Markaziy harbiy okrug muzeyiga sayohat uyishtirib, mamlakatimiz harbiy tarixiga oid noyob eksponatlar, jasorat namunalarini aks ettiruvchi materiallar bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa ularda milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, tematik o‘quv xonalarida tashkil etilgan davra suhbatlarida harbiy xizmatchilar tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot olib borildi. Suhbatlar davomida harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, zamonaviy armiyada yaratilgan sharoitlar hamda yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirning amaliy qismi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar kursantlar tahsil olayotgan zamonaviy, kompyuterlashtirilgan o‘quv sinflari faoliyati bilan tanishib, ta’lim jarayonining ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilganiga guvoh bo‘ldi. Bundan tashqari, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ularga katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, panoramali o‘q otish majmuasida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar yoshlar uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Ular bevosita harbiy tayyorgarlik jarayonini sinab ko‘rish, zarur ko‘nikmalar haqida tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti matbuot xizmati




