Buxoroda askarlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2026-04-17 11:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda mingga yaqin askar ishtirok etib, samimiy va interaktiv ruhda bo‘lib o‘tgan suhbatlarda rahbarlar o‘zlarining harbiy faoliyati, xizmatdagi tajribalari va mas’uliyatli vazifalar haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida davlat tomonidan harbiy qismlarda yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xizmat davomida berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, oliy ta’lim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlari batafsil tushuntirildi. Ayniqsa, askarlar uchun xizmat davomida bitta hunarni mukammal egallash va oliy ta’lim muassasalariga kirishda yaratilgan yangi imkoniyatlar alohida ta’kidlandi.
Rahbarlar Vatanga xizmatni har bir yigit uchun muqaddas burch, asosiy vazifa va hayot maktabi sifatida namoyon etish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, askarlarning muddatli harbiy xizmat haqidagi dastlabki tajribalari tinglandi, ularning xohish-istaklari o‘rganildi va ijobiy takliflarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati boy tarixiy merosi, madaniy yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari bilan mashhur. Shu jihatdan xizmat qilayotgan harbiylar shaharning madaniy va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishishi uchun sayohatlar rejali tashkil etilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ochiq muloqot yakunida askarlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi va xizmat majburiyatlarini sadoqat bilan bajarishga va’da berdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






