Tibbiyot mutaxassislarining o‘quv-uslubiy yig‘ini o‘tkazildi
2026-04-17 10:50:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir soha vakillari uchun nafaqat bilim almashish, balki dolzarb muammolarni muhokama qilish, zamonaviy yechimlar ishlab chiqish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi.
Yig‘inda tibbiyot mutaxassislari, sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi boshliqlari, harbiy-tibbiy komissiya raislari, dorixona boshliqlari hamda terapiya, jarrohlik va yuqumli kasalliklar bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘in davomida ma’ruzachilar tomonidan 2025/2026-yil yakunlari asosida qo‘shinlarda tibbiy ta’minot holati atroflicha tahlil qilindi. O‘tkazilgan davolash-diagnostika ishlari, tibbiy ekspertiza jarayonlari, dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash darajasi, shuningdek, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar samaradorligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu asosda kelgusi o‘quv yili uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini turli kasalliklardan ishonchli himoyalash, profilaktika va erta diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy davolash usullarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Harbiy-tibbiy muassasalar infratuzilmasini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash hamda tibbiyot xodimlarining malakasini mahalliy va xorijdagi yetakchi klinikalarda oshirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti



