“Jasorat uchqunlari” — haqiqiy sinov maydoni
2026-04-16 16:45:00 / Yangiliklar

Tadbirning ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etib, yosh ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqada Jasorat maktablarining 5–9-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bellashdi. Har bir jamoa 8 nafar ishtirokchidan iborat bo‘lib, ular saf tayyorgarligi, tibbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar, robototexnika, huquqiy savodxonlik hamda milliy sport o‘yinlari yo‘nalishlarida o‘z mahoratini namoyon etdi. Bellashuvlar qat’iyat, chaqqonlik va zukkolikni sinovdan o‘tkazuvchi haqiqiy maydonga aylandi.
Musobaqaning Nukus garnizoni hududida joylashgan harbiy qismda o‘tkazilgani ishtirokchilarga chinakam harbiy muhitni his etish imkonini berdi. Har bir shartda qatnashchilar nafaqat o‘z bilim va ko‘nikmalarini, balki jamoa bilan ishlash qobiliyatini ham namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Qonliko‘l tumani 2-umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Lochin” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Taxiatosh tumani 4-umumta’lim maktabi negizidagi “Jayxun” jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Chimboy tumani 36-umumta’lim maktabi negizida faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoasi egalladi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








