Askarlar yaqinlari bilan samimiy muloqot qilishdi
2026-04-16 15:30:00 / Yangiliklar

Teleko‘prik davomida ota-onalarga farzandlarining xizmat o‘tash sharoitlari, ularning bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan imkoniyatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, harbiy xizmat nafaqat intizom maktabi, balki zamonaviy bilim va kasb egallash uchun ham muhim bosqich ekani alohida ta’kidlandi.
Yosh harbiy xizmatchilar tomonidan bugungi kunga kelib mazkur majmuada “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” kabi zamonaviy ta’lim dasturlari doirasida harbiy xizmatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Shuningdek, “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida harbiy xizmatchilarni turli kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular har bir askarning qiziqishi va qobiliyatiga mos ravishda tashkil etilmoqda. Mazkur jarayonda so‘rovnomalar asosida yo‘nalish tanlash imkoniyati yaratilgani harbiy xizmatchilarning kelgusida fuqarolik hayotida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Muddatli harbiy xizmatchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ularning kelajakdagi kasbiy va intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ta’lim jarayonida “Ibrat farzandlari” hamda “Mutolaa” kabi platformalardan samarali foydalanilayotgani ham qayd etildi. Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh harbiy xizmatchilarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ham izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovida faol ishtirokni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.







