Chorak yakuni bo‘yicha tanqidiy va tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi
2026-04-16 15:30:00 / Yangiliklar

Onlayn videoselektor formatida tashkil etilgan mazkur yig‘ilishda qo‘shinlarning xizmat faoliyati, jangovar va maxsus tayyorgarlik darajasi, harbiy intizom holati, shaxsiy tarkibni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda moddiy-texnik ta’minot tizimi holati atroflicha tahlil etildi.
Yig‘ilish davomida mas’ul yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglanib, 1-chorak mobaynida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham ochiq va tanqidiy ruhda muhokama etildi. Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.
Shu bilan birga, qo‘shilma va harbiy qismlar komandirlari tomonidan hisobot davrida amalga oshirilgan faoliyat bo‘yicha batafsil axborotlar taqdim etildi. Aniqlangan muammoli masalalar joyida ko‘rib chiqilib, ularning tezkor va samarali yechimi yuzasidan tegishli xizmatlarga aniq topshiriqlar berildi.
Yakunda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni so‘zga chiqib, hisobot davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqarish, xizmat intizomini yanada mustahkamlash hamda belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar va xizmat baholash jarayonlarida yuqori natijalarga erishish, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish asosiy ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati


