Buxoroda general yoshlar bilan uchrashdi
2026-04-16 15:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvdan avval mehmonlar institutning Harbiy ta’lim fakultetida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv-moddiy baza hamda ta’lim jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda yoshlarni harbiy sohaga tayyorlash, ularga nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘un holda singdirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng institut madaniyat saroyida tashkil etilgan uchrashuvda so‘z olgan mas’ullar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil to‘xtalib, bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, puxta bilim olish hamda Vatanga munosib xizmat qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish har bir yoshning muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir davomida talabalar bir yillik harbiy xizmatga saralash tartibi, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish shartlari hamda ta’limni yakunlagandan so‘ng harbiy sohada xizmat qilish imkoniyatlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Mutasaddilar yoshlarning orzu va maqsadlarini tinglab, ularga zarur tavsiyalar va tushintirishlar berdi.
Samimiy muloqot davomida talabalar orasida Vatanga muhabbat, harbiy sohaga qiziqish va mas’uliyat hissi yanada kuchaygani yaqqol sezildi. Uchrashuv ishtirokchilari bunday tadbirlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi. Yakunda Mudofaa vazirligi tomonidan talabalarga kitoblar jamlanmasi ham topshirildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati



