Markaziy harbiy okrugda xizmat xavfsizligi va boshqaruv intizomini mustahkamlashga qaratilgan strategik o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi
2026-04-16 12:45:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda harbiy okruglar qo‘shinlar xizmati bo‘limi boshliqlari, garnizon harbiy komendantlari, harbiy qismlar shtab boshliqlarining harbiy xizmat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda obyekt komendantlari ishtirok etdi.
Yig‘in tasdiqlangan reja asosida bosqichma-bosqich tashkil etilib, dastlab ishtirokchilarning belgilangan hududga yetib kelishi va ularni tartibli joylashtirish ishlari amalga oshirildi. Shundan so‘ng saf ko‘rigi o‘tkazilib, o‘quv-uslubiy yig‘inning mazmun-mohiyati, asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek uni tashkil etish tartibi yuzasidan ishtirokchilarga batafsil yo‘riqnomalar berildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida maxsus sinov mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ushbu jarayonda 1-erkin mashqlar to‘plami, 100 metrga yugurish hamda turnikda tortilish kabi jismoniy mashqlar orqali harbiy xizmatchilarning umumiy jismoniy salohiyati va tayyorgarlik darajasi baholandi
Yig‘in davomida dolzarb mavzular keng qamrovda muhokama qilinib, dunyo va mintaqada yuz berayotgan harbiy-siyosiy vaziyat yuzasidan tahliliy ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, harbiy okruglarda qo‘shinlar xizmatini samarali tashkil etish, harbiy xizmat xavfsizligini ta’minlash jarayonida uchrayotgan muammolar va ularning amaliy yechimlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Garnizonlarda harbiy intizom holati, profilaktik tadbirlarning samaradorligi, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Muhokamalar jarayonida xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni chuqur tahlil qilish hamda ularning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, rahbar kadrlarning mas’uliyati va boshqaruv samaradorligini oshirish, harbiy xizmat xavfsizligini ta’minlash tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar qayd etildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati




