Ta’limda integratsiya va ilg‘or tajribalar almashinuvi
2026-04-15 17:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Markaziy Osiyo universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi. Ishtirokchilar ta’lim tizimidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, ilmiy-amaliy yondashuvlarni muhokama qildi.
Konferensiya davomida pedagog maqomini mustahkamlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish hamda ta’lim oluvchilarning bilim olish jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, zamonaviy ta’lim jarayonida o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida xorijiy tillarni o‘qitishda ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, innovatsion yondashuvlar hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, ta’lim jarayonida yuzaga kelayotgan uslubiy hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid muammolar muhokama qilinib, ularning samarali yechimlari yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘qitishda kredit-modul tizimining afzallik va kamchiliklari tahlil qilinib, ta’lim sifatini oshirishda innovatsion metodlardan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Yakunda konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kelgusidagi ilmiy-amaliy faoliyat yo‘nalishlarini belgilashda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.







