“Jasorat uchqunlari” — haqiqiy sinov maydoni!
2026-04-14 18:25:00 / Yangiliklar

Tadbirning ochilish marosimida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilariga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqada “Jasorat maktablari”ning 5–9-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bellashdi. Har bir jamoa 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan bo‘lib, ular saf tayyorgarligi, tibbiy bilim va ko‘nikmalar, robototexnika, huquqiy savodxonlik hamda milliy sport o‘yinlari yo‘nalishlarida o‘z mahoratini namoyish etdi
Bellashuvlar Termiz garnizoni hududida joylashgan harbiy qismda o‘tkazilgani ishtirokchilarga haqiqiy harbiy muhitni his etish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash hamda mas’uliyat hissini yanada chuqur anglash imkonini berdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Uzun tumani 70-sonli umumta’lim maktabi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Denov tumani 100-sonli maktab jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Termiz shahri 17-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi.









