Serjantlar tayyorlash oliy maktabida zamonaviy ta’lim va kasbga yo‘naltirish tizimi izchil rivojlanmoqda
2026-04-14 16:40:00 / Yangiliklar

Xususan, “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” kabi strategik ahamiyatga ega dasturlar doirasida yangi xizmatga jalb etilgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy infratuzilma, ilg‘or texnologik vositalar va qulay ta’lim muhiti yaratilgan. Shu bilan bir qatorda, “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan tizim askarlarning individual qiziqishlari va ichki salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir. Maxsus tashkil etilgan o‘quv kurslari nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalarni ham mukammal egallash imkonini beradi.
Ta’lim jarayonida askarlarni oliy ta’lim muassasalariga puxta tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Ibrat farzandlari” hamda “Mutolaa” platformalaridan unumli foydalanish bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan berilayotgan tavsiyalar va amaliy mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning mustaqil ta’lim olish madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Xususan, askarlarning “Ma’naviyat qalqoni” Respublika kitobxonlik tanlovida faol ishtirokini ta’minlash orqali ularning ma’naviy-axloqiy qiyofasini boyitish, badiiy va ilmiy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsad qilingan.
Muxtasar aytganda, Serjantlar tayyorlash oliy maktabida joriy etilgan zamonaviy ta’lim va kasbga yo‘naltirish tizimi yosh harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va kasbiy salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish hamda zamon bilan hamnafas, yetuk va fidoyi mutaxassislar sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi.







