“Ajdodlar izidan” — ma’naviyat va tafakkur sinovi
2026-04-13 19:20:00 / Yangiliklar

Musobaqa nizomiga ko‘ra har bir savol uchun jamoalarga 50 soniya muhokama vaqti, 10 soniya esa yozma javobni taqdim etish uchun ajratildi. To‘g‘ri javoblar rag‘batlantirilib, noto‘g‘ri yoki kechiktirilgan javoblar esa jarima ballari bilan baholandi. Ayniqsa, muddatdan avval taqdim etilgan javoblar uchun berilgan qo‘shimcha ball tizimi o‘yinga keskinlik va dinamik ruh bag‘ishladi.
Savollar mazmunan rang-barang bo‘lib, adabiyot, tarix, ma’naviyat va umumiy bilimlarni qamrab oldi. Xususan, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan” asarlari, “Rustamxon” dostoni, shuningdek, “Jadidlar” va “Uyg‘onish” to‘plamlari asosida tuzilgan savollar ishtirokchilardan chuqur bilim, teran tafakkur va tezkor xulosa chiqarishni talab etdi.
Bellashuv davomida shakllangan intellektual muhit, sog‘lom raqobat va murosasiz bahslar tadbirning nufuzini yanada oshirdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir chiqish xolisona baholanib, yakunda eng bilimdon, eng chaqqon va eng hamjihat jamoalar aniqlab olindi.
Yakuniy natijalar quyidagicha:
• Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Yuristlar” jamoasi — 1-o‘rin;
• Mudofaa vazirligining “Temuriylar” jamoasi — 2-o‘rin;
• Bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining “Bojxona instituti” jamoasi — 3-o‘rin.
G‘olib va sovrindorlar munosib ravishda diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Endilikda ular musobaqaning keyingi bosqichida o‘z yurishini davom ettiradi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









