“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi — ochiq muloqot maydoni
2026-04-13 16:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Zarafshon shahar hokimi, harbiy qism komandiri, ichki ishlar bo‘limi mas’ullari, turli hamkor tashkilotlar vakillari hamda shahardagi umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Uchrashuv yoshlar va rahbarlar o‘rtasida ochiq, samimiy va konstruktiv muloqot maydoniga aylandi.
Tadbir avvalida tashkil etilgan ochiq muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan atroflicha va asosli javoblar oldi. Ayniqsa, harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb tanlash masalalari yuzasidan berilgan tavsiyalar yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Shundan so‘ng mehmonlar harbiy qism hududida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan madaniyat markazi, muzey, kutubxona hamda ma’naviy-ma’rifiy maskanlar faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Bu maskanlar harbiylarning nafaqat jismoniy, balki ma’naviy kamolotiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Harbiy xizmatchilar tomonidan yoshlarga zamonaviy qurol-aslahalar, o‘quv moddiy baza hamda harbiy texnikalarning imkoniyatlari, ularning qo‘llanilish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirning ikkinchi qismi harbiy qism dala o‘quv maydonida davom etdi. Bu yerda o‘quvchilar uchun maxsus amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ular turli o‘quv nuqtalarida harbiy bilim va ko‘nikmalarni bevosita sinovdan o‘tkazdi. Xususan, yoshlar qurollarni qismlarga ajratish va yig‘ish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, oddiy taktik harakatlarni bajarish bo‘yicha amaliy mashqlarda faol ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlarning eng qiziqarli va mas’uliyatli qismi amaliy o‘q otish jarayoni bo‘ldi. Unda ilk bor qatnashgan o‘quvchilar 100 metr masofadan nishonlarga qarata uch donadan jangovar o‘q uzib, “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





