“Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovining qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi
2026-04-13 11:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tanlovda respublikamizning deyarli barcha hududlaridagi harbiy qismlardan saralab olingan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan bellashuvlarda jami 7 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.
Tanlov dasturi mazmunan boy va rang-barang bo‘lib, ishtirokchilar 6 ta shart asosida bellashdilar. Jumladan, “Oilam — mening baxtim” sharti orqali oilaviy qadriyatlar va ahillik namoyon etildi. “Kuch birlikda” hamda “Biz epchil — biz chaqqon” bellashuvlarida jamoaviy hamjihatlik, jismoniy tayyorgarlik va chaqqonlik sinovdan o‘tkazildi. “Osh chempionati” sharti milliy an’analarimizni targ‘ib etishga xizmat qilgan bo‘lsa, “Darts” musobaqasi aniqlik va diqqatni talab etdi. “Birinchi tibbiy yordam” sharti esa ishtirokchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini baholashga qaratildi.
Shiddatli va murosasiz kechgan bahslar Mudofaa vazirligi mas’ullari, mahalliy hokimlik hamda jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan xolisona va adolatli baholab borildi. Har bir jamoaning chiqishlari ularning tayyorgarlik darajasi, oilaviy jipsligi va ijodkorligi asosida atroflicha tahlil qilindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlov g‘olibligi Toshkent viloyati sharafini himoya qilgan Murodovlar oilasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan ishtirok etgan Ibrohimovlar oilasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin yana Toshkent shahri vakillari — O‘rinovlar oilasiga nasib etdi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblar tanlovning keyingi — Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati








