Mudofaa vazirligi terma jamoasini saralash chempionati o‘tkazildi
2026-04-13 09:35:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqada Mudofaa vazirligi tarkibiga kiruvchi harbiy okrug, qo‘mondonlik va birlashmalar, universitet hamda uning tasarrufidagi institutlarning harbiy xizmatchilardan iborat jamoalar ishtirok etdi.
Chempionat davomida ishtirokchilar harbiy ko‘pkurash, otish sporti, armiya qo‘l jangi, harbiy beshkurash, tosh ko‘tarish, shuningdek, suzish, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish hamda 8 kilometrga marafon yugurish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro kuch sinashdi. Ayniqsa, otish sporti hamda 8 kilometrga marafon yugurish bahslari o‘zining keskinligi va tomoshabopligi bilan ajralib turdi. Ushbu yo‘nalishlarda harbiy sportchilar nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki kuchli iroda, matonat va ruhiy bardoshliliklarini ham namoyon etdilar.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra umumjamoa hisobida o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
— Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlik jamoasi — 1-o‘rin;
— Toshkent harbiy okrugi jamoasi — 2-o‘rin;
— Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi jamoasoga — 3-o‘rinni egallashdi.
Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda eng munosib sportchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etdi. Saralash yakunlariga ko‘ra eng kuchli va irodali harbiy sportchilar terma jamoa tarkibidan joy olib, xalqaro musobaqalarda mamlakat sharafini himoya qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









