Samarqandda o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi
2026-04-12 13:40:00 / Yangiliklar
Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlar oʻrtasida pnevmatik quroldan oʻq otish sport turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati musobaqasi oʻtkazildi.

Musobaqada Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 84 nafar eng sara yosh sportchilar gʻoliblik uchun davogarlik qildi.
Chempionat 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilib, pnevmatik vintovka hamda pnevmatik pistolet bo’yicha o‘g‘il bolalar va qizlar alohida guruhlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
To‘rt kun davomida murosasiz va qizg‘in kechgan bellashuvlar umumjamoa hisobida quyidagi natijalar bilan yakunlandi:
1-o‘rin: Toshkent viloyati jamoasi;
2-o‘rin: Namangan viloyati jamoasi;
3-o‘rin: Andijon viloyati jamoasi.
Musobaqa yakunida g‘oliblar va yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar diplom, medal va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.







