“Vatanparvar” tashkiloti rahbari farg‘onalik yoshlar bilan uchrashdi
2026-04-10 12:25:00 / Yangiliklar

Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti rahbari yig‘ilganlarga “Vatanparvar” tashkilotining aholini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportning texnik va amaliy turlarini keng ommalashtirish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb egalarini tayyorlash borasidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqot jarayonida “Vatanparvar” tashkiloti tarbiyalanuvchi yosh sportchilarning nafaqat respublika, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Osiyo va jahon chempionatlarida ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani alohida e’tirof etildi. Jumladan, avtokross, motokross, karting, pnevmatik quroldan o‘q otish, raketamodel, aviamodel va kemamodel sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, ayrim xalqaro chempionat va kubok musobaqalari aynan O‘zbekistonda “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ochiq muloqot samimiy va qizg‘in savol-javob ruhida davom etdi. Ayniqsa, tadbirda qatnashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari, akademik litsey va professional ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari tashkilot tizimidagi o‘quv muassasalarida kasb-hunar o‘rganish va sport bilan muntazam shug‘ullanish istagini mamnuniyat bilan bildirdi.
Tadbir doirasida “Vatanparvar” tashkiloti rahbari tomonidan Farg‘ona viloyati kengashi tasarrufidagi o‘quv muassasalariga 16 ta yangi Chevrolet Onix rusumli avtomobil topshirildi. Endilikda ushbu zamonaviy o‘quv avtomobillari avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida “B” toifasi bo‘yicha tahsil olayotgan fuqarolarning amaliy mashg‘ulotlarida keng foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati





