Harbiy qismlarda yosh askarlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2026-04-10 11:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida rahbarlar yosh askarlarni hayotlaridagi muhim va sharafli bosqich — harbiy xizmat safiga qo‘shilgani bilan samimiy muborakbod etishdi. Ta’kidlanganidek, muddatli harbiy xizmat yigitlar uchun nafaqat intizom, tartib va mas’uliyat maktabi, balki matonat, iroda, sabr-bardosh, jasorat va fidoyilik kabi fazilatlarni shakllantiradigan, insonni chinakam vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan ulug‘ hayot maktabidir. Harbiy xizmat davomida har bir askar jismonan chiniqib, ma’nan yetuklashib, Vatan himoyasidek sharafli vazifani sidqidildan bajarishga tayyor bo‘lib borishi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida yosh askarlarga harbiy qismda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xizmatni samarali o‘tash uchun mavjud imkoniyatlar hamda ulardan oqilona foydalanish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar xizmat jarayonida turli kasb-hunarlarni egallash, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, jismoniy va ma’naviy jihatdan chiniqish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Yosh askarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va murojaatlari bilan faol ishtirok etib, ularga mas’ullar tomonidan batafsil, aniq va tushunarli javoblar berildi.
Yakunda rahbarlar askarlar uchun harbiy qismda yaratilgan kasb-hunar o‘rganish, chet tillarni o‘rganish va kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ularning xizmatni namunali o‘tashi, harbiy intizomga qat’iy rioya qilishi hamda Vatan himoyasidek sharafli burchni munosib ado etishi yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berishdi.





