“Forish” tog‘ poligonida Mudofaa vazirligi terma jamoasini saralash chempionatiga start berildi
2026-04-08 09:30:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqada Mudofaa vazirligi tarkibiga kiruvchi harbiy okrug, qo‘mondonlik va birlashmalar, universitet hamda uning tasarrufidagi institutlarning harbiy xizmatchilardan iborat jamoalar ishtirok etmoqda.
Chempionat nafaqat Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi, kasbiy mahorati, chidamliligi va irodaviy fazilatlarini sinovdan o‘tkazishga xizmat qiladi balki ular orasidan eng munosib sportchilarni saralab olishga ham yordam beradi. Aytib o‘tish joiz, Musobaqa dasturidan harbiy ko‘pkurash, otish sporti, armiya qo‘l jangi, harbiy beshkurash hamda tosh ko‘tarish kabi sport turlari o‘rin olgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bellashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Chempionatning dastlabki kunidayoq bir qator sport yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlarga start berildi. Xususan, suzish, armiya qo‘l jangi, 100 metr masofaga yugurish hamda turnikda tortilish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Ishtirokchilar mazkur shartlarda o‘zlarining jismoniy salohiyati, chaqqonligi, kuch-g‘ayrati va jarayonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rganini namoyon etishdi.
Ta’kidlash joizki, chempionatning eng qiziqarli va muhim bahslari hali oldinda. Musobaqaning keyingi bosqichlarida ishtirokchilar sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, Mudofaa vazirligi terma jamoasi tarkibidan munosib o‘rin olish uchun kurash olib boradilar.
Ushbu musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash, yuksak jangovar va jismoniy tayyorgarlikni ta’minlashda ham muhim аhamiyat kasb etadi. Saralash yakunlariga ko‘ra eng kuchli, mahoratli va irodali harbiy sportchilar terma jamoa safidan joy olib, xalqaro maydonlarda mamlakat sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




