Farg‘onada xalqaro olimpiada o‘z ishini boshladi
2026-04-07 16:45:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, harbiy xizmatchilar, olimpiada ishtirokchilari hamda mehmonlar qatnashdi. Xorijiy delegatsiyalar va ishtirokchilar milliy an’analarimizga xos samimiyat va yuksak ehtirom bilan kutib olindi. Bu esa xalqimizga xos mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va do‘stona munosabat muhitini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Tantanali marosim davomida so‘zga chiqqanlar mazkur xalqaro olimpiada yosh avlod o‘rtasida ilm-fanga, xususan, fizika faniga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ularning nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazish, intellektual salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydon ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bunday nufuzli bellashuvlar turli davlatlar yoshlari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Marosimning badiiy qismi ham ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi. Unda milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, harbiy orkestr hamda iste’dodli yoshlar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, turli xalqlar madaniyati va milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha ruh, yanada keng mazmun bag‘ishladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro olimpiadada O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi hamda Belarus Respublikasi jamoalari ishtirok etmoqda. Bellashuvlar davomida qatnashchilar fizika fani bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlari asosida o‘zaro kuch sinashib, eng munosiblar aniqlanadi.
Xalqaro olimpiada joriy yilning 9-apreliga qadar davom etadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









