Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2026-04-07 09:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Sharqiy harbiy okrugning mas’ul ofitserlari, Yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi vakillari, harbiy xizmatchilar, o‘quvchi-yoshlar hamda Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi tarbiyalanuvchilari qatnashdi.
Marosim avvalida Sohibqiron siymosi aks etgan byust poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Amir Temur xotirasiga yuksak hurmat bajo keltirildi.
Tadbir davomida sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar orqali Amir Temurning hayot yo‘li, sarkardalik mahorati hamda tarix sahnasidagi beqiyos o‘rni jonli ifoda etildi. Shu bilan birga, litsey muzeyiga uyushtirilgan ma’rifiy sayohat ishtirokchilarga temuriylar davri davlat boshqaruvi, ilm-fan taraqqiyoti hamda madaniy yuksalish jarayonlari haqida kengroq tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Shuningdek, kun davomida tashkil etilgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslaha ko‘rgazmasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ishtirokchilar yurtimiz mudofaa tizimidagi ilg‘or yutuqlar bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekanini yanada chuqurroq angladi.
Dastur doirasida o‘tkazilgan “Temur izdoshlari” intellektual bellashuvi esa bilim va tafakkur sinoviga aylandi. Unda jamoalar o‘rtasida tezkor fikrlash, mantiqiy mushohada va tarixiy bilimlar asosida qizg‘in bahslar kechdi. Ishtirokchilar Sohibqiron davri, temuriylar saltanati hamda milliy merosimizga oid savollarga puxta javob berib, o‘z salohiyatlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, uchinchi o‘rin Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi jamoasiga, ikkinchi o‘rin Farg‘ona davlat texnika universiteti vakillariga, faxrli birinchi o‘rin esa Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi jamoasiga nasib etdi.
Yakunda g‘oliblar hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








