Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun ijtimoiy himoya tizimi takomillashtirilmoqda
2026-04-06 17:30:00 / Yangiliklar

Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini pensiya ta’minoti bilan bog‘liq munosabatlarni tizimli ravishda tartibga solishni nazarda tutadi. Xususan, hujjatda harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini alohida qonun asosida belgilash orqali ushbu yo‘nalishda yagona va aniq mexanizmni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Muhokama jarayonida qayd etilganidek, qonun loyihasining eng muhim jihatlaridan biri — kalendar hisobida 30 yil to‘liq harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga 100 foiz miqdorida pensiya tayinlash tartibini joriy etishdir. Bu esa uzoq yillar davomida Vatan himoyasi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan harbiy xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan fraksiya a’zolaridan biri harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, Vatan tinchligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashda beqiyos hissa qo‘shayotgan harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat ijtimoiy zarurat, balki davlatning muhim majburiyatidir.
Shuningdek, mazkur tashabbus O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishi, aholi, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani alohida e’tirof etildi.
Muhokamalar yakunida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





