Kadrlar salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam
2026-04-06 10:45:00 / Yangiliklar

Mazkur seminar ilk bor Samarqand shahrida o‘tkazilib, “Samarqand tajribasi” sifatida ilg‘or o‘quv-uslubiy model sifatida amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu yondashuv tarixiy muhit va zamonaviy bilimlar uyg‘unligida kadrlar salohiyatini rivojlantirishning samarali modeli sifatida namoyon bo‘ldi.
Seminar davomida kadrlar tizimini takomillashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchi mutaxassislar tomonidan xalqaro harbiy-siyosiy vaziyat, strategiyaning asosiy yo‘nalishlari, tahliliy faoliyat samaradorligi, jamoalarda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Amaliy mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilarning nazariy bilimlari mustahkamlanib, kasbiy ko‘nikmalari yanada rivojlantirildi. Xususan, harbiy xizmatga qabul qilish va oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, elektron platformalar asosida kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda KPI tizimini qo‘llash borasidagi ilg‘or yondashuvlar muhokama etildi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan sun’iy intellektga oid amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilimlari kengaytirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokidagi ochiq muloqotlar esa huquqiy savodxonlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Seminar doirasida ko‘rgazmali chiqishlar, intellektual bellashuvlar va turli tanlovlar yuqori saviyada o‘tkazildi. Yakunda eng faol ishtirokchilar munosib rag‘batlantirilib, barcha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati









