“Qashqadaryo tajribasi”: Yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlashda innovatsion loyiha
2026-04-04 15:25:00 / Yangiliklar

Ushbu loyiha yoshlarni kelajak kasblariga ongli ravishda yo‘naltirish, ularning qiziqish va iqtidorini erta aniqlash hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida zamonaviy kasblar bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ayniqsa, aviatsiya, muhandislik, IT va texnik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otish, ularning mustaqil fikrlash, muammolarni innovatsion yondashuv orqali hal etish hamda jamoaviy ish ko‘nikmalarini shakllantirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Shuningdek, loyiha hududiy sharoitlarni inobatga olgan holda, ta’lim muassasalari, oliy harbiy ta’lim maskanlari va tegishli tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yishni, tajriba almashish va o‘quv jarayoniga innovatsion pedagogik yondashuvlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Mazkur qo‘shma tashabbusning batafsil rejasi va takliflari Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga taqdim etildi. Taqdimot davomida vazir loyiha dolzarbligini yuqori baholab, uning amaliy ahamiyatini alohida e’tirof etdi va ushbu tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Kelgusida loyiha respublika miqyosida bosqichma-bosqich joriy etilib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.




