Sohibqiron merosi — milliy g‘urur va ma’naviy taraqqiyot asosi
2026-04-03 15:00:00 / Yangiliklar

Ana shunday ma’rifiy ruh bilan sug‘orilgan tadbirlardan biri Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida “Amir Temurni yod etib” shiori ostida tashkil etildi.
Tadbirda ofitserlar, serjantlar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari faol qatnashib, Sohibqironning benazir hayot yo‘li, murakkab, ammo shonli tarixiy faoliyati haqida yanada mukammal tasavvurga ega bo‘ldi. Taklif etilgan tarixchi olimlar, Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyi mutaxassislari hamda iste’dodli ijodkorlar tomonidan Amir Temurning davlat boshqaruvidagi donishmandona qarashlari, harbiy strategiyadagi salohiyati, siyosiy tafakkurining teranligi va bunyodkorlik faoliyatining ko‘lamdorligi tahliliy va daliliy asoslarda yoritib berildi.
Alohida ta’kidlash joizki, ma’ruzalarda Temur tuzuklari asarining mohiyati, undagi tartib-intizom, adolat, mas’uliyat va davlatni mustahkamlashga qaratilgan tamoyillar bugungi kun mezonlari bilan uyg‘un holda talqin qilindi.
Tadbir davomida jonli muloqot muhiti hukm surib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar orqali tarixiy jarayonlarga yanada chuqurroq nazar tashlash imkoniga ega bo‘ldi.
Badiiy qismda viloyat Prezident maktabi o‘quvchilari tomonidan sahnalashtirilgan tarixiy kompozitsiya o‘zining dramatik yechimi, obrazlarning ishonarliligi va sahna madaniyatining yuksakligi bilan tomoshabinlarni maftun etdi. Ushbu sahna talqini orqali Sohibqiron davrining ruhiyati, uning qat’iy iroda va adolatga asoslangan siyosati go‘yo jonli lavhalarda aks etdi.
Muxtasar aytganda, mazkur tadbir nafaqat tarixiy xotirani tiklash, balki uni zamonaviy tafakkur prizmasi orqali qayta anglashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy maydon sifatida namoyon bo‘ldi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati




