Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan yig‘in o‘tkazildi
2026-04-02 17:40:00 / Yangiliklar

Yig‘in doirasida ofitserlar uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligida tashkil etilgan dastur asosida tarbiyaviy ishlarni olib borishning ilg‘or va zamonaviy yondashuvlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni qaror toptirish, shuningdek, shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Shu bilan birga, yig‘in davomida rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ofitserlar uchun jamoani boshqarish, motivatsiya berish, qaror qabul qilishda tezkorlik va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus treninglar hamda amaliy seminarlar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlar ishtirokchilarga real xizmat sharoitlariga yaqin vaziyatlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish imkonini berdi.
Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida turli vaziyatli topshiriqlar asosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish, xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq yechimlar ishlab chiqildi. Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri va tizimli axborot siyosatini yuritish yuzasidan metodik tavsiyalar berildi.
Yig‘in yakunida ishtirokchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilim va ilg‘or tajribalarni xizmat joylarida keng tatbiq etish, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





