Jasorat maktabida shakllanayotgan kelajak egalari
2026-04-03 14:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni ishtirok etib, “Jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr va mulohazalari tinglanib, ularni qiynayotgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Qo‘mondon o‘z nutqida asosiy e’tiborni harbiy sohaga qiziqish bildirayotgan yoshlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga qaratdi. Shuningdek, yosh avlodni ilm-fanga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyatini oshirish, tashabbuskorlik va liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida yoshlar kitobxonlik madaniyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Qo‘mondon o‘quvchilarni muntazam ravishda kitob o‘qishga, ayniqsa ilmiy va badiiy adabiyotlarga qiziqishni kuchaytirishga chaqirdi. Ta’kidlanganidek, kitob mutolaasi insonning dunyoqarashini kengaytiradi, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantiradi hamda hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv jarayonida yoshlar milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar, oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi imkoniyatlar hamda harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar ulkan marralar sari ruhlantirildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









