“Yashil makon” — atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ustuvor tashabbus
2026-04-02 14:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, shuningdek hududdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mutasaddilar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Ko‘chat ekish jarayoni yuqori saviyada, puxta tashkillashtirilgan holda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ishtirokchilar tomonidan har bir niholga alohida e’tibor qaratilib, ularning parvarishi bo‘yicha zarur tavsiyalar ham berildi. Har bir ekilgan ko‘chat — bu nafaqat yashil hududlarni kengaytirish, balki ekologik muvozanatni tiklash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholandi.
Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan “Yashil makon” loyihasining dolzarbligi va ahamiyati alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, daraxt va butalar atmosferani tozalash, havoning sifatini yaxshilash, tuproq eroziyasining oldini olish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirishda ham muhim omil hisoblanadi. Shu bois, bunday ekologik tashabbuslarni izchil davom ettirish, ularni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan ko‘chat ekish bilan bir qatorda, ularni parvarishlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish va yashil hududlarni saqlab qolish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Zero, barqaror ekologik muhitni shakllantirish faqatgina ko‘chat ekish bilan emas, balki ularni asrab-avaylash va muntazam parvarish qilish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







