Kinologiya yo‘nalishida xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-04-01 18:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki davlat harbiy tuzilmalari o‘rtasidagi professional aloqalarni yanada rivojlantirish, kinologiya yo‘nalishida ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi mehmonlarni markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, xizmat itlarini ko‘paytirish va parvarish qilish, naslchilik tizimini takomillashtirish, veterinariya yo‘nalishidagi ishlar, zotdor xizmat itlarini saralash, ularning eksteryer ko‘rsatkichlari hamda ishchanlik qobiliyatini baholash borasida tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida delegatsiya a’zolariga markazda xizmat olib borayotgan mutaxassis kinologlar va xizmat itlari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar batafsil tanishtirildi. Xususan, markazning naslchilik bo‘limi, veterinariya xizmati, xizmat itlari uchun mo‘ljallangan maxsus oshxona hamda parvarishlash tizimi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar uchun amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda xizmat itlarining turli vazifalarni bajarishdagi tayyorgarligi ya’ni tartibbuzarni izlash va qidirib topish, uni qo‘riqlab turish, kuzatib borish, qochishga uringan shaxsni to‘xtatish kabi maxsus mashqlar amalda ko‘rsatib berildi. Ushbu chiqishlar xizmat itlarining yuqori darajadagi tayyorgarligi va kinolog mutaxassislarning kasbiy mahoratini namoyon etdi.
Bunday tajriba almashuvlari nafaqat xizmat kinologiyasi yo‘nalishidagi amaliy bilim va ko‘nikmalarni boyitadi, balki xavfsizlikni ta’minlash, maxsus bo‘linmalar faoliyatini takomillashtirish hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali tizim yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.





